Bosh sahifa » Mustaqillik haqida sherlar

Mustaqillik haqida sherlar

Mustaqillik haqida sherlar. Ushbu maqolada O’zbekiston mustaqilligi haqida eng sara she’rlarni taqdim etamiz. Yangi O’zbekiston mustaqilligi kuni munosabati bilan she’rlar to’plami joylashtirildi.

Vatan qadri – Mustaqillik haqida sherlar.

Vatan qadri - Mustaqillik haqida sherlar.

Chashma qoshida tiniq suv
Qadrini bilmas kishi,
Sayr etib gulshanda gulni
Ko‘ziga ilmas kishi.
Vah, bu ne g‘aflatki inson –
Ko‘ksida tutmish vatan,
Kim vatan ichra vatanning
Shukrini qilmas kishi.
Yurt nedir, yurt dog‘i nedir,
Yurtdan ayrilgan bilar,
Anglaguvchi yurt firoqin
Yurtda topilmas kishi.
Ey, vatandoshim, eshit
Bobur-u Furqat nolasin,
Besabab anduh tig‘ida
Bag‘rini tilmas kishi.
Bilma, farzandim, vatan hajrini,
Lek qadrini bil –
Kim vatan qadrini bilmas,
Angla, komilmas kishi.

Tavsiya etamiz : Yangi O’zbekiston haqida she’rlar

Buyuk uyg’onish.

Yangi O‘zbekiston — buyuk Uyg‘onish,
Uchinchi Renessans tarixga kirdi.
To‘rt yil — to‘rt asrga tatigulik yil
O‘zbekiston dunyo tomon yuz burdi.

Sarhadlar ochildi. Ochildi yo‘llar,
Yanada yorqinroq porladi oftob.
Ona allalari hayotga qaytdi,
Sahro qumlariga singidi sarob.

Muzaffar o‘g‘lonlar, arslon o‘g‘lonlar
Zarbin tatib ko‘rdi bu dunyoi dun.
Bugun samodan nur mo‘l-ko‘l yog‘ilar,
O‘zbekiston uchun, o‘zbeklar uchun…

Tavsiya etamiz : Vatan haqida she’rlar

Vatan

Dilingizda bo‘lsin quvonchi g‘ami,
Kitoblarda emas, qog‘ozda emas.
Bo‘zda yashaysizmi, Buxorodami,
Siz bilan barobar u olsin nafas.

Bolangizni belab qo‘ying tush payti,
Tollar belanchakni uchirsin ko‘kka.
Ammo siz boshida allalar ayting,
Vatan tuyg‘usini soling yurakka.

Ayting, dalalarda egilgan lahza,
Ayting, quyosh qonga botib yotganda.
Ayting, quvonchu g‘am solganda larza,
Ayting, oq ko‘ylakli tonglar otganda.

Janozada yig‘lab allalar ayting,
Ayting, shuurlaru kurashlar aro.
Toki qalbimizda jo‘sh urgan tuyg‘u
Farzandlar qalbida bersin aks-sado.

Ona To‘marisning shonli qismati,
Jaloliddin tig‘i taratgan jarang,
Bizning yurakkacha, balki, yetmasdi,
Bo‘lmaganda, xalqim, allang — xotirang.

Beruniy yulduzi, Sino kahkashoni
Falakdan yo‘limiz yoritib boqsin.
Mahmud Torobiyning muqaddas qoni
Farzandlar qalbida jo‘sh urib oqsin.

Hazrat Sohibqiron tuzuklaridan
Ko‘chib,ifikrlarni yoritsin surur,
Dillarni charog‘on etsin Navoiy
Qalami taratgan hikmatli shuur.

Mirzo Ulug‘bekning rasadin toqi,
Yurgan yo‘limizga nurlar to‘shasin,
Vatan deb jon bergan har botir xoki
Dilda nafas olsin, dilda yashasin.

Vatan – yurakdagi quvonch, qayg‘u, shasht,
Uni tirik saqlar yurakdagi sas.
Vatan – bamisoli quyoshga o‘xshash,
Vatan ham odamdek oladi nafas.

Tavsiya etamiz : Ustozlar haqida she’rlar

Muqaddas So’zim Vatandir.

Ko‘ngil kimni sevsa, u ko‘zda turar,
Necha boqmasin ko‘z, yana orzular.
Dil orzu-tilagi nima bo‘lsa gar
Og‘iz so‘zga ochgach u tilga chiqar.

Vatan devorlari.

Vatan devorlari - mustaqillik haqida sherlar

Bu devorlar – bizning yelkamiz,
Bu devorlar – oyoqlarimiz.
Yelkamizda ona o‘lkamiz –
Kuyu bayot, qir, bog‘larimiz.

So‘zimizdir – devorda har tosh,
Ko‘zimizdir – toshdagi bo‘yoq.
Izimizdir – yurtdagi har bir
Qal’a, qasr, madrasa, chortoq.

Minoralar – qaddimiz bizning,
Sardobalar – bizning ko‘z yoshlar.
Bitik toshdir har biri, o‘qing,
Poydevorga taxlangan toshlar.

Bo‘lmaganda gar Shoxizinda,
Yo Xivaning Kalta minori –
Yurak degan qutlug‘ zaminda
Yuksalmasdi G‘urur chinori.

Bo‘lmaganda Go‘ri Amirning
Toshlariga bitilgan ko‘klam –
Hayratlanib qoshida sirning,
Viqor bilan to‘lmasdi ko‘krak.

Yurmas edik bunchalar tetik,
Bo‘lmas edi tanda ruh obod.
Bor bo‘lardi yurakda kemtik –
Bo‘lmaganda oddiy Ruhobod.

Imom Buxori-yu Shohi Naqshband
Imom Termizi-yu, Najmiddin Kubro —
Bobolarning ravshan imoni
Yuraklarga beradi oro.

Biz ularni bilmasak agar
Porlamasdi buncha ko‘zimiz.
Osmonlarni titratmas edi
She’r aytganda sas, ovozimiz.

Ona deymiz Vatanni!
Vatan –
Shu Registon, shu Ichanqal’a.
Bolalikdan ular bizlarning
Boshimizda aytmishlar alla.

Vatandir – yer ostidan birdan,
Qadim qo‘shiq parchasi kabi,
Sellar o‘tib, ko‘zga tashlangan
Bitik toshlar – bobolar qalbi.

Qal’alarning ko‘ksiga botgan
O‘qlar izi – yarasiga boq!
Ular – dilda og‘riq uyg‘otgan
Bujur yara, iztirob, ingroq.

Ularni sen o‘yilgan ko‘z deb
O‘ylamagin – ko‘radi ular.
Ular yashar dunyoda biz deb,
Qadamimiz tuzatib turar.

Ular qaddi bukilsa agar,
Yelkamizni tutaylik darrov.
Qulayotgan minor oldidan
Befarq o‘tgan ajnabiymas, yov!

Zilzilani kutgan asbobdek
Sergak bo‘lsin doimo yurak.
Aldamasin xuddi sarobdek
Aldoqchi his, o‘tkinchi ermak.

Yelkalarni tutaylik, toki
Qudrat bilan to‘lsin yelkamiz.
Yelkamizda ko‘zimiz oqu
Qorasi – yurt, ona o‘lkamiz.

Yelkalarni tuting… Devorlar
Cho‘kib borar – Vaqt qilmas shafqat.
Qulaganda… Qulaydi ular
Bolalarning ustiga faqat.

Vatan haqida sher

Dunyo kezib goʼzal-goʼzal yurtlar koʼrdim,
Jannatmonand oʼlkalarda hayron yurdim,
Аmmo, sendek yuragimga aziz boʼlgan
Biror yurtni topolmadim, ona yurtim!

Men noningdan shirinroq non topolmadim,
Men nomingdan azizroq nom topolmadim,
Shoningdan ham yuksakroq topolmadim,
Tarixlarda nomi yuksak, ona yurtim!

Xoru xasing azizroqdir javharlardan,
Tuprogʼingning gardi laziz gavharlardan,
«Dunyo koʼrki menman» degan shaharlardan
Siqimgina xoking aziz, ona yurtim!

Istiqloling muʼtabardir onamdayin,
Bamisoli onam aytgan alladayin,
Аjdodlarim qoni tomgan daladayin,
Muqaddassan, mukarramsan, ona yurtim!

Tavsiya etamiz : Ona haqida she’rlar

She'rlar
Insholar
Maqollar
Darsliklar
Telgram
Scroll to Top