Bosh sahifa » Ona haqida tasirli sherlar

Ona haqida tasirli sherlar

Ona haqida tasirli sherlar. Ushbu maqolada hammada bo’lmagan ajoyib va g’aroyib she’rlar hamda ona haqida tasirli gaplarni ham joylashtirib boryapmiz. Undan rohatlaning. Onangizni borida qadriga yeting.

Ona haqida tasirli gaplar.

  1. Ona – bu dunyodagi eng beg‘araz mehr-muhabbat manbai.
  2. Onaning duosi – hayot yo‘limizni yorituvchi eng yorqin nur.
  3. Ona qalbi – hech qachon sovimaydigan, har doim mehrga to‘la yurak.
  4. Onaning mehrini hech qanday boylik bilan almashtirib bo‘lmaydi.
  5. Ona qo‘llari – bolalik xotiralarimizning eng iliq esdaliklari.
  6. Ona muhabbati – ummon kabi chuqur, osmon kabi cheksiz.
  7. Ona – yurakdagi eng pok niyat, qalbdagi eng samimiy his.
  8. Onaning har bir so‘zi – donolik va mehr ila to‘la hayot saboqlari.
  9. Ona – farzandi uchun jonini ham fido qilishga tayyor yagona inson.
  10. Ona sevgisi – hech qachon tugamaydigan va eskirmaydigan tuyg‘u.
  11. Onaning ko‘z yoshlari – dunyodagi eng og‘ir dard.
  12. Ona yuragi – farzandining baxti bilan uradigan yurak.
  13. Ona – sabr va matonat timsoli.
  14. Onaning qo‘li tegmagan joyda baraka kam bo‘ladi.
  15. Ona mehrini qadrlash – insoniylikning eng oliy fazilati.
  16. Onaning shirin so‘zlari – har qanday dardga malham.
  17. Ona mehridan mosuvo bo‘lish – hayotning eng katta yo‘qotishidir.
  18. Ona – har bir insonning yuragidagi eng yorqin yulduz.
  19. Onaning bitta tabassumi – minglab tashvishlarni unuttiradi.
  20. Ona – dunyodagi eng go‘zal va eng muqaddas nom!

Ona haqida tasirli sherlar.

Po’lat Mo’min tomonidan yozilgan mehribon onajonim.

Juda ham a’losiz, oyijon,
Juda ham donosiz, oyijon.
Siz meni qo’zim, deb sevasiz,
Nur to‘la ko’zim, deb sevasiz,
Oyijon, oyijon, oyijon.

Siz meni barchaga yaxshilab,
Quchasiz o‘rgilib, erkalab.
Shu aziz boshimni silaysiz,
Menga baxt, omonlik tilaysiz,
Oyijon, oyijon, oyijon.

Oyijon – ona haqida sherlar

Oyijon - ona haqida sherlar

Oqshomlar uxlamay aytganda alla,
Ovozin tinglarkan yetti mahalla.
Ovozim boricha aytay baralla
Oyijon men sizni yaxshi ko’raman.

Ona – Abdulla Oripov

Ko’kda yulduz uchsa nogahon,
Bitdi, derlar qaysi bir taqdir.
Bunday g’amni ko’tarmak oson,
Bu ehtimol, bizlar haqdadir.

Ba’zi tunlar ko’kka tikib ko’z,
Eslab deyman onamni shu on:
Ona ketsa, yulduz-ku yulduz
Qulab tushsa arziydi osmon.

Mehribonim onam  – ona haqida sher

Agar sorasalar jannatni mendan,
Onajonim oyogi ostida ana,
Bizni ulgaytirib barkamol qilgan,
Aziz suyanchigim, mexribon ona!

Ona haqida sher to’rtliklar.

Ona haqida sher to'rtliklar

Ayyomingiz bilan, qutlamoq istab,
Bugun poyingizda qilamiz tazim.
Yelkamda Makkaga borsam kotarib,
Shunda xam uzilmas farzandlik qarzim!

***

Bag’ri juda ham qaynoq
So’zlari bolu qaymoq
doim bizga parvona
u dir mehribon ona

Ona haqida juda ajoyib sher.

Tavallo she’ri To’ra Sulaymon tomonidan yozilgan she’r.

Nelardandir ko‘ngil bo‘lib g‘ash,
Ham egilib, bu egilmas bosh,
Ko‘zlarimda qalqib tursa yosh,
Bu holimga berolmay bardosh,
Bir mushtipar Onam yig‘laydir,
Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Qaytar bo‘lsam quruq qo‘l ovdan,
Qora qozon qolsa qaynovdan,
Ham ayrilib o‘lja, ulovdan,
Qarzga botar bo‘lsam birovdan,
Taskin berib Onam yig‘laydir,
Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Birda haqdin, birda nohaqdin,
Jabr ko‘rsam bir betavfiqdin,
Ortda tursam qalbi quroqdin,
Qadrim xarob bo‘lsa tuproqdin,
Ohlar urib Onam yig‘laydir,
Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Og‘a-ini o‘rtasida gap,
Alhol, kelib chiqsa ixtilof,
Biri izzat, biri mulk talab,
“Bu oq sutim, mehrimga xilof”,
Deya sho‘rlik Onam yig‘laydir,
Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Sinalmoqning gali kelganda,
Nogoh mag‘lub bo‘lsam maydonda,
Nomim qolmas bo‘lsa jahonda,
Kim do‘st-dushman bilinar onda,
Ahvolimga Onam yig‘laydir,
Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

G‘anim bir yon, men bir yon bo‘lsam,
U ustuvor, men uryon bo‘lsam,
Bu ham kamday nogiron bo‘lsam,
Yog‘och otga yonma-yon bo‘lsam,
Oy tutilib, Onam yig‘laydir,
Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Tavsiya etamiz : A.Oripov She’rlari

Alisher Navoiyning Ona haqida to’rtliklari

Onalarning oyog‘i ostidadir
Ravzai jannatu jinon bog‘i.
Ravza bog‘i visolin istar esang
Bo‘l onaning oyog‘in tufrog‘i.

* * *

Boshni fido ayla ato qoshig‘a,
Jismni qil sadqa ano boshig‘a.
Tun, kuningga aylagali nurposh
Birisin oy ayla, birisin quyosh.

Sen Ona – Ona haqida tasirli sherlar

Alisherga alla aytib uxlatgan
Sen — ona.
Og‘ushida Bobur kamolga yetgan
Sen — ona.
Torobiyni og‘ir jangga jo‘natgan
Sen — ona.
Olamni nurida munavvar etgan
Sen — ona.
Yig‘lasa, dunyoni raso titratgan
Sen — ona.
Kulgisi saodat parvarish etgan
Sen — ona.
Daholar beshigin bedor tebratgan
Sen — ona.
Mehri bahorida elni yashnatgan
Sen — ona.
Yagona o‘g‘lingni jo‘natding jangga,
Bo‘l bardam, ona!
Onaday oshiq yo‘q ona Vatanga,
Muhtaram ona…

Abdulla Oripov  –  O’zbek Onasi – ona haqida sher.

Mushtipar ham o‘zing, buyuk ham o‘zing,
Kuyinchak ham o‘zing, kuyuk ham o‘zing.
Olamga tatirlik suyuk ham o‘zing,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Seni To‘maris deb, maqtaganim bor,
Sen Temur beshigin tebratgan bedor,
Sensan Bibixonim, Nodirai zor,
Payti keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Vatanni Ona deb bekor aytilmas,
Ona buyurganda yo‘ldan qaytilmas,
Sen o‘zing Ka’bamsan, Baytul muqaddas,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Boshingdan nimalar o‘tmadi axir,
Vatandek taqdiring bo‘ldi goh taxir,
Bobur shoh bo‘lsada, qoshingda faqir,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Gohida balqiding Barchindek to‘lib,
G‘o‘zadek quriding Tursunoy bo‘lib,
Timsoling yalovda yulduzdek kulib,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Farzanding quvonsa — sen ham quvonding,
Faqat bolam deding, yashading, yonding,
Nokasi uchrasa, o‘rtanding, tonding,
Payt kedi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Kelajak toychog‘u toyingizdadir,
Jannat ham, albatta, poyingizdadir,
Vatan-ku Siz turgan joyingizdadir,
Payt keldi, aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Sizga ta’zim qilib turibman bu payt,
Sizga baxshidadir eng shohona bayt,
Aziz elu yurtga duolaring ayt,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Tavsiya etamiz : Xurshid Davron she’rlari

Hech kimning onasi o’lmasin.

Duoga qo‘l ochib tinmas bilagim,
Qalbimda bor mening bitta tilagim.
Tiz cho‘kib zor yig‘lab shuni so‘radim,
Hech kimning onasi o‘lmasin dunyo.

Tanasi sog‘inchda muzlab qolmasin,
Mozordan yupanchiq izlab qolmasin.
Ey voh, orqasidan bo‘zlab qolmasin,
Hech kimning onasi o‘lmasin dunyo.

Onasi boshidan tillolar sochib,
Bag‘rida yashnasin samoda uchib.
Tunlar yig‘lamasin su’ratin quchib,
Hech kimning onasi o‘lmasin dunyo.

Doim to‘ylarida bo‘lib yursin bosh,
Mayli sakson bo‘lsin, to‘qson bo‘lsin yosh.
Qanday berish mumkin bu dardga bardosh,
Hech kimning onasi o‘lmasin dunyo.

G‘amlarga jilmay sin, ko‘ksini kerib,
Qo‘liga tutqazsin rayhonlar terib.
Muborak tanasin tuproqqa berib,
Hech kimning onasi o‘lmasin dunyo.

Rauf Parfi – Onamga xat.

Eshitdim, onajon, xafa emishsan,
Kechir, oylab senga yozolmadim xat.
Garchi muhabbatdan tilardim ehson,
Yorug‘ kunlarimga bo‘lgandim ilhaq.

Yuzimga nafasing urilar iliq,
Ajib yorug‘likka to‘lmoqda xona.
Suratim qoshida duolar qilib
Tag‘in yig‘ladingmi, mushtipar ona?

O‘sha gap, sevganim shu aziz Vatan,
Bu qadar tashvishlar yutmagil, bag‘rim,
O‘ksuk otam kabi hali ham zotan,
Qalqinib-qalqinib turibdi shahrim.

Bilaman… sirni boy berishlik yomon,
O‘g‘lingga bu yo‘lda bardoshlar tila.
Ba’zan topganimni ichib qo‘yaman
Sirni boy bermasdan ulfatlar ila.

Biroq eh, bilmayman, go‘yoki zimdan,
Kimdir ta’qib etar meni beomon.
Qandaydir bir kimsa balki haqimda
Xunuk latifalar to‘qiydi, yolg‘on…

Ona, kuylanmagan bir kuy istayman
Va lekin aldog‘chi hislar olur jon.
Ehtimol, qalamni bekor qistayman,
Netayin, rostini aytgil, onajon.

Yashil daraxtzorni yechintirar kuz,
Poyimda bahorning alvido uni.
Beparvo yoshlikni ilg‘amaydi ko‘z,
Qaylardan axtaray, onajon, uni.

Bilurman… yo‘limda g‘ichirlar toshlar,
Za’faron kuz yanglig‘ xayolim taqir.
Shaharning g‘avg‘oli tinchini tashlab,
Uzoq vaqt yoningga bormadim axir.

Eshitdim, onajon, xafa emishsan,
Kechir, oylab senga yozolmadim xat.
Garchi muhabbatdan tilardim ehson,
Yorug‘ kunlarimga bo‘lgandim ilhaq.

Baxtsizlikka o‘xshab ketar bu holim,
Sensiz baxtsizlikka o‘xshaydi qismat,
Sensiz yorishmasdi mening xayolim,
Dunyoning laqabi bo‘lurdi Hasrat.

Onamga – Muhammad Yusuf.

Onamga - Muhammad Yusuf ona haqida sherlar

Oh, mening ortimdan ovvora onam,
Bir parcha yuragi — ming pora onam.
Bir baloni ko‘rib yorug‘ dunyoda,
Toshkanni ko‘rmagan bechora onam.
Bolang bo‘lib bir bor boshlab keldimmi,
Endi men ham senga o‘g‘il bo‘ldimmi?..

Garchi bisotingda “bayram” so‘zi yo‘q,
Bilaman, kutasan sandal to‘la cho‘g‘.
Menda yurak deganlarin o‘zi yo‘q,
Men sovg‘a bermagan qiz yo‘q bu oqshom.
Senga na gul berdim, na shirin kalom,
Endi men ham senga o‘g‘ilmi, onam?..

Deysan: olislarda omon yursang bas,
Yodingga tushsam goh yo‘qlab tursang bas.
Bolam, senga hamma qiladi havas,
Axir, mening dardim she’r emas faqat.
Men mashhur shoirmas — mashhur beshafqat,
Endi men ham senga o‘g‘ilmanmi, ayt?..

Sha’ningga she’r bitdim, u seni topsin,
Poyingga tiz cho‘kib, qo‘lingni o‘psin.
Undan ham ulug‘im borligin ko‘rsin,
Men uchun ham aziz holingni so‘rsin.
Sensiz g‘arib ko‘nglim — ko‘ngilmi, onam,
Endi men ham senga o‘g‘ilmi, onam?..

Agar sizga ushbu she’rlar manzur bo’lgan bo’lsa mehnatni qadrlagan holda commentda o’z fikringizni va onangiz haqida iliq fikrlarni yozib qoldiring. Eng yaxshi fikrlar taqdirlanadi.

Ushbu Ona haqida tasirli sherlar Xurshid Davron kutubxonasidan hamda ijtimoiy tarmoqlardan olindi.

She'rlar
Insholar
Maqollar
Darsliklar
Telgram
Scroll to Top