Bosh sahifa » Xurshid Davron sherlari

Xurshid Davron sherlari

Xurshid Davron sherlari. Xurshid Davron – o’zbek shoir, adib, va tarjimon bo’lib, uning she’rlari zamonaviy o’zbek adabiyotida katta o’rin tutadi. Xurshid Davronning sherlari ko’pincha sevgi, yurtparvarlik, hayotning noaniqligi va inson ruhiyatiga bag’ishlangan bo’lib, ularni hayotning oddiy va murakkab tomonlarini tasvirlashda ishlatadi. She’rlari nafis ifodalari va falsafiy to’liqligi bilan tanilgan.

Uning she’riyati turli uslublarda yozilgan, ammo eng asosiysi — Xurshid Davron sherlari ko’proq lirika va o’ylovli mazmunga ega. Shoir o’zining “qarama-qarshi” va “shiddatli” tahlillarida, shaxsiy va umumiy tajribalar asosida hayot va uning o’zgarishlari haqidagi xulosalarini etkazadi.

Xurshid Davron sherlari

Tabiatdir mening davomim,
Tutash erur bag’rim bag’riga.
Umrim bog’liq oyu oftobi
Daryo, dala, daraxtlariga.

Yalpizlarni quchoqlab sarxush,
Muhabbatga chulg’anar qalbim.
Boshim uzra uchib o’tar qush,
Xayolimning davomi kabi.

Tunlar nafas olmay yotaman,
Meni quchar quvonchu alam…
Daraxt kulgusini ko’rganman,
Ko’rganman ko’z yoshlarini ham.

Vatan.

Dilingizda bo‘lsin quvonchi g‘ami,
Kitoblarda emas, qog‘ozda emas.
Bo‘zda yashaysizmi, Buxorodami,
Siz bilan barobar u olsin nafas.

Bolangizni belab qo‘ying tush payti,
Tollar belanchakni uchirsin ko‘kka.
Ammo siz boshida allalar ayting,
Vatan tuyg‘usini soling yurakka.

Ayting, dalalarda egilgan lahza,
Ayting, quyosh qonga botib yotganda.
Ayting, quvonchu g‘am solganda larza,
Ayting, oq ko‘ylakli tonglar otganda.

Janozada yig‘lab allalar ayting,
Ayting, shuurlaru kurashlar aro.
Toki qalbimizda jo‘sh urgan tuyg‘u
Farzandlar qalbida bersin aks-sado.

Ona To‘marisning shonli qismati,
Jaloliddin tig‘i taratgan jarang,
Bizning yurakkacha, balki, yetmasdi,
Bo‘lmaganda, xalqim, allang — xotirang.

Beruniy yulduzi, Sino kahkashoni
Falakdan yo‘limiz yoritib boqsin.
Mahmud Torobiyning muqaddas qoni
Farzandlar qalbida jo‘sh urib oqsin.

Hazrat Sohibqiron tuzuklaridan
Ko‘chib,ifikrlarni yoritsin surur,
Dillarni charog‘on etsin Navoiy
Qalami taratgan hikmatli shuur.

Mirzo Ulug‘bekning rasadin toqi,
Yurgan yo‘limizga nurlar to‘shasin,
Vatan deb jon bergan har botir xoki
Dilda nafas olsin, dilda yashasin.

Vatan – yurakdagi quvonch, qayg‘u, shasht,
Uni tirik saqlar yurakdagi sas.
Vatan – bamisoli quyoshga o‘xshash,
Vatan ham odamdek oladi nafas.

Vatan devorlari sheri.

Vatan devorlari sheri.

Bu devorlar – bizning yelkamiz,
Bu devorlar – oyoqlarimiz.
Yelkamizda ona o‘lkamiz –
Kuyu bayot, qir, bog‘larimiz.

So‘zimizdir – devorda har tosh,
Ko‘zimizdir – toshdagi bo‘yoq.
Izimizdir – yurtdagi har bir
Qal’a, qasr, madrasa, chortoq.

Minoralar – qaddimiz bizning,
Sardobalar – bizning ko‘z yoshlar.
Bitik toshdir har biri, o‘qing,
Poydevorga taxlangan toshlar.

Bo‘lmaganda gar Shoxizinda,
Yo Xivaning Kalta minori –
Yurak degan qutlug‘ zaminda
Yuksalmasdi G‘urur chinori.

Bo‘lmaganda Go‘ri Amirning
Toshlariga bitilgan ko‘klam –
Hayratlanib qoshida sirning,
Viqor bilan to‘lmasdi ko‘krak.

Yurmas edik bunchalar tetik,
Bo‘lmas edi tanda ruh obod.
Bor bo‘lardi yurakda kemtik –
Bo‘lmaganda oddiy Ruhobod.

Imom Buxori-yu Shohi Naqshband
Imom Termizi-yu, Najmiddin Kubro —
Bobolarning ravshan imoni
Yuraklarga beradi oro.

Biz ularni bilmasak agar
Porlamasdi buncha ko‘zimiz.
Osmonlarni titratmas edi
She’r aytganda sas, ovozimiz.

Ona deymiz Vatanni!
Vatan –
Shu Registon, shu Ichanqal’a.
Bolalikdan ular bizlarning
Boshimizda aytmishlar alla.

Vatandir – yer ostidan birdan,
Qadim qo‘shiq parchasi kabi,
Sellar o‘tib, ko‘zga tashlangan
Bitik toshlar – bobolar qalbi.

Qal’alarning ko‘ksiga botgan
O‘qlar izi – yarasiga boq!
Ular – dilda og‘riq uyg‘otgan
Bujur yara, iztirob, ingroq.

Ularni sen o‘yilgan ko‘z deb
O‘ylamagin – ko‘radi ular.
Ular yashar dunyoda biz deb,
Qadamimiz tuzatib turar.

Ular qaddi bukilsa agar,
Yelkamizni tutaylik darrov.
Qulayotgan minor oldidan
Befarq o‘tgan ajnabiymas, yov!

Zilzilani kutgan asbobdek
Sergak bo‘lsin doimo yurak.
Aldamasin xuddi sarobdek
Aldoqchi his, o‘tkinchi ermak.

Yelkalarni tutaylik, toki
Qudrat bilan to‘lsin yelkamiz.
Yelkamizda ko‘zimiz oqu
Qorasi – yurt, ona o‘lkamiz.

Yelkalarni tuting… Devorlar
Cho‘kib borar – Vaqt qilmas shafqat.
Qulaganda… Qulaydi ular
Bolalarning ustiga faqat.

Samarqand Darvishi.

Yo’l uzunmi, dard uzun?
Darvish ashulasi uzun.
Tun qorami, dard qora?
Darvish peshonasi qora.

Mag’ribdan shamol essa,
Bog’ning oluchasi sinar.
Mag’ribdan shamol essa,
Darvishning hassasi sinar.

…Jo’nab ketar qari darvish,
Vidoga to’lib ko’zi.
Xaltasida non ushog’u
Uch-to’rt Samarqand yulduzi.

Saraton.

Bir daraxt bor hovlida,
Yolg’iz.
Men ham uning oldida
Yolg’iz.
Bulut suzar falakda
Yolg’iz.
Quyosh porlaydi ko’kda.
Yolg’iz.
Bir qush qo’nar daraxtga.
Yolg’iz.
O’tiradi shoh misol taxtga
Yolg’iz.
Qushning kuyi yangraydi.
Yolg’iz.
Daraxtga, men, ko’k, quyosh va qush
Yolg’iz.

Bitik.

Qo’llarimga qaraysan – nimjon.
Nimjon deysan xuddi qush kabi.

Ishon, yulduz so’nsa to’satdan,
Bu qo’llarim yulduz yondirar.

Agar toshga aylansa shamol,
Bu qo’llarim uni uyg’otar.

Baxtsizlik.

Uyga qaytdi yarim kechada,
Yonar edi dahlizda chiroq.
Uxlar edi xotini… Biroq,
Erkak alam tuydi ichida.

Keyin borib qozonga boqdi,
Bo’m-bo’sh edi sovuq qozon ham.
Katta uyda chiroqni yoqdi,
Ammo tuydi ichida alam.

So’ng eshikni sekin ochdi-yu,
Malham izlab nolalariga,
Uzoq boqib turdi xotirjam
Uxlab yotgan bolalariga.

Uyga qaytdi yarim kechada,
Uxlar edi xotini biroq,
U tonggacha uxlolmay yotdi,
Tongga qadar o’chmadi chiroq.

Qayg’u she’ri.

Qo’shnimning bolasi ariqda cho’kdi.
Endi u mozorda kichkina qabr.
Qancha yoshi bo’lsa, barini to’kdi
Otasin ko’ksida qolmadi sabr.

Men uni ovutdim, ovutolmadim,
Qo’shilib yig’ladim… Mana, tong otib,
Atrof yorug’ tortar, ikkilamiz jim,
Beso’z o’tiribmiz tosh kabi qotib.

U menga qaramay to’satdan dedi:
“Ayt, qachon mizg’uvdim bugun kechasi,
Tush ko’rdim… Hammayoq faqat suv emish,
Suvdan chiqib turar emish qo’lchasi…”

Shoir uchun ertak.

Har bir shoir ortidan ilon
Sudralgancha borar izma-iz,
Qotillarning qo’llarisimon,
Sovuq, g’addor misli yolmog’iz.

Shoir SO’Zdan qo’rqsa mabodo,
YO ortiga chekinsa nogoh,
YO ortiga boqsa, o’sha on
Uni yamlab yutadi ilon.

Chekinmasa, qo’rqmasa shoir,
Dadil boqsa yog’iyga – inon,
Umidini uzmay bari bir
Boraverar ortidan ilon.

Yovvoyi o’tlar aro.

Yovvoyi o’tlar aro
Kezar boshyalang odam.
Dilida mungli navo,
Ko’zida bir daryo g’am.

Yovvoyi o’tlar aro
Ovunch izlab yurar u,
Har chechakning boshida
O’yga botib turar u.

Yovvoyi o’tlar aro
Diliga qaytar quvonch.
Zulqarnayndek boqadi
— Bu dunyoga ko’zi och.

Chalqancha yotib uzoq
Niliy ko’kka tikilar,
Ko’zlariga dunyoning
Bor nurlari to’kilar.

Qaytarkan,
Dilin chorlab
Yongach ko’k chiroqlari,
Ko’ylagida qon kabi
Porlar lola dog’lari…

Kuz haqida she’ri.

Yana sokin chorbog’lar aro
Yomg’ir yog’ar shitir-shitirlab,
Yana mening qulog’imga g’am
Nimanidir aytar shivirlab.

Yana tiniq tortar o’ylarim,
Xuddi qamish shovillashidek,
Yana dilda jo’shdar kuylarim,
Xazonlarning lovillashidek.

Qora tortgan dala so’ngida
Zo’rg’a bosib bujur titrog’in,
Qari chinor duolar o’qib
Ko’mayotir so’nggi yaprog’in…

Boshqa shoir va yozuvchilar sherlari.

She'rlar
Insholar
Maqollar
Darsliklar
Telgram
Scroll to Top