Bosh sahifa » Bobur g’azallari to’plami

Bobur g’azallari to’plami

Bobur g’azallari to’plami. Bobur g‘azallari to‘plami — mumtoz o‘zbek adabiyotining noyob durdonalari. Eng mashhur g‘azallar, ma’nolari va tahlillari bilan tanishing.

O‘zni, ko‘ngul, aysh bilan tutmoq kerak…

O‘zni, ko‘ngul, aysh bilan tutmoq kerak,
Bizni unutqonni unutmoq kerak.
Aysh-u tarab gulbunig’a suv berib,
G’ussa niholini qurutmoq kerak.
Tiyra turur zuhd damidin ko‘ngul,
Ishq o‘ti birla yorutmoq kerak.
Har nimag’a g’am yema, g’am ko‘p turur,
Aysh bila o‘zni ovutmoq kerak.
Qo‘yma mashaqqat aro, Bobur, ko‘ngul,
O‘zni farog’at bila tutmoq kerak.

Xazon yafrog‘i yanglig‘…

Xazon yafrog‘i yanglig‘ gul yuzung hajrida sarg‘ardim,
Ko‘rub rahm aylagil, ey lola rux, bu chehrayi zardim.

Sen, ey gul, qo‘ymading sarkashligingni sarvdek hargiz,
Ayog‘ingg‘a tushib, bargi xazondek muncha yolbordim.

Latofat gulshanida gul kabi sen sabz-u xurram qol,
Men archi dahr bog‘idin xazon yaprog‘idek bordim.

Xazondek qon yoshim soriq yuzumdin el tanaffurda,
Bahar range, bihamdilloh, ulusdin o‘zni qutqordim.

Ne toledur mangakim, axtari baxtim topilmaydur,
Falak avroqini har nechakim daftardin axtardim.

Ulusning ta’n-u ta’rifi manga, Bobur, barobardur,
Bu olamda o‘zumni chun yamon-yaxshidin o‘tkardim.

Tavsiya etamiz : Bobur ruboiylari

“Topmadim” radifli g‘azal

Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim,
Ko‘nglimdin o‘zga mahrami asror topmadim.

Jonimdek o‘zga jonni dilafgor ko‘rmadim,
Ko‘nglim kibi ko‘ngulni giriftor topmadim.

Usruk ko‘ziga toki ko‘ngul bo‘ldi mubtalo,
Hargiz bu telbani yana hushyor topmadim.

Nochor furqati bila xo‘y etmisham, netay,
Chun vaslig‘a o‘zumni sazovor topmadim.

Bore boray eshigiga bu navbat, ey ko‘ngul,
Nechaki borib eshigiga, bor topmadim.

Bobur, o‘zingni o‘rgata ko‘r, yorsizki, men,
Istab jahonni, muncha qilib, yor topmadim.

Keltursa yuz baloni o‘shal bevafo manga…

Keltursa yuz baloni o‘shal bevafo manga,
Kelsun agar yuzumni evursam, balo manga.

Netgayman ul rafiq bilakim, qilur base,
Mehr-u vafo raqibg‘a, jabr-u jafo manga.

Begona bo‘lsa aql meni telbadin, ne tong,
Chun bo‘ldi ul parisifatim oshno manga.

Oh-u yoshmidin ortadurur za’f, ey tabib,
Bildim yarashmas emdi bu ob-u havo manga.

Dardim ko‘rub muolajada zoye etma umr,
Kim, jonda dardi ishq durur bedavo manga.

To yor kimni istar-u ko‘ngliga kim yoqar,
Tashvish bejihat durur oxir sango, manga.

Bobur, bo‘lub turur ikki ko‘zum yo‘lida to‘rt,
Kelsa ne bo‘ldi qoshima bir-bir mango manga.

Ko‘ngulga bo‘ldi ajoyib balo qaro soching…

Ko‘ngulga bo‘ldi ajoyib balo qaro soching,
Shikasta ko‘ngluma ermish qaro balo soching.

Muyassar o‘ldi junun mulki, ey junun ahli,
Nisori ashkni emdi bu kun mango soching.

Soching shikastida bordur shikasta ko‘ngullar,
Ko‘ngullar ochilur, ochilsa ul qaro soching.

Ochildi ko‘ngli, chu ochting sochingni, Boburning,
Ne ayb, agar desa dilband-u dilkusho soching.

Tavsiya etamiz : Bobur ruboiylari

She'rlar
Insholar
Maqollar
Darsliklar
Telgram
Scroll to Top