Abdulla Oripov sherlari. A.Oripov tomonidan yozilgan bir nechta she’rlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Vatanparvarlik va milliy g‘urur:
Abdulla Oripov o‘z ijodida O‘zbekiston va uning xalqining tarixiy merosi, g‘ururi va o‘zligiga alohida e’tibor qaratgan. “O‘zbekiston” nomli she’ri milliy madhiya sifatida katta hurmat bilan qabul qilingan.
Tabiat tasviri va inson hayoti:
Uning she’rlari tabiatning go‘zalligini, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni tasvirlashga boy. Shoir o‘z so‘zlari orqali tabiatni ulug‘lagan holda, inson qalbini quvontiradigan tasvirlar yaratgan.
Muhabbat va insoniy tuyg‘ular:
Muhabbat shoir ijodining alohida mavzularidan biri bo‘lib, inson qalbining nozik va samimiy his-tuyg‘ularini ochib beruvchi she’rlar yozgan.
Diniy va falsafiy mazmun:
Uning ijodida ilohiy mavzular va inson hayotining ma’naviy ma’nosi haqidagi falsafiy mushohadalar ham mavjud. Shoir ilohiy tuyg‘ular va ezgulikning hayotdagi ahamiyatini yuksak darajada tasvirlagan.
Abdulla oripov sherlari – Xatolaring kerak ularga.
Shundaylar bor, senga lutf aylab,
Do’stman, deya senga qo’lin tutarlar.
Lekin har zum qadaming poylab,
Xato qilishingni kutarlar.
Xato qilsang, ularga bayram,
Yo’qsa, zahru zaqqum yutarlar.
Mayli, jindek, zarra bo’lsa ham,
Xato qilishingni kutarlar.
Xatolaring kerak ularga,
Shoh navdangn darhol butarlar
Tag’in kunni ulab tunlarga,
Xato qilishingni kutarlar.
Axtarurlar hamisha illat,
Etti pushting go’rin titarlar.
Faqat unma, ulg’ayma faqat,
Xato qilishingni kutarlar.
Ular senga bir umr yo’ldosh,
Sodiq hamroh kabi o’tarlar.
Qabring uzra egsalar ham bosh,
Xato qilishingni kutarlar.
Birinchi muhabbatim.
Kecha oqshom falakda oy bo’zarib botganda,
Zuhra yulduz miltirab, xira xanda otganda,
Ruhimda bir ma’yuslik, sokinlik uyg’otganda,
Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim,
Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim.
O’tdi yoshlik zavq bilan, gohi to’polon bilan,
Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan,
Ayro ham tushdim ba’zan qalb bilan imon bilan,
Lekin seni yo’qotdim, birinchi muhabbatim,
Mangu g’aflatga botdim, birinchi muhabbatim.
Dunyo degan shundayin anglab bo’lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan,
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan,
Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim,
Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim.
Holbuki, orzulardan judo ham bo’lganim yo’q,
Yulduzday kulganim yo’q, oy kabi to’lganim yo’q.
Erta xazon gul kabi sarg’ayib, so’lganim yo’q,
Seni eslab yig’layman, birinchi muhabbatim,
Eslab bag’rim tig’layman, birinchi muhabbatim.
Yo’lin yo’qotsa odam – muhabbatga suyangay,
G’ussaga botsa odam – muhabbatga suyangay,
Chorasiz qotsa odam – muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim,
Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim.
Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar ko’rib men bor dunyoni unutdim,
Tongda turib nomingga ushbu she’rimni bitdim,
Dildagi ohim mening, birinchi muhabbatim,
Yolg’iz Ollohim mening, birinchi muhabbatim.
Ketmoqdaman – Abdulla Oripov sherlari
Yaxshi qol, ey, dilbarim, dilda kadar, ketmoqdaman,
Ishq aro endi holim zeru zabar ketmoqdaman.
Na ishonchu na quvonchu na ko’ngildan gapni och,
Barchasidan ushbu kun yo’qdir samar, ketmoqdaman.
Men quyosh yuzlimga deb, tun-kechalar berdim yurak,
Oqibat otganda tong qondir jigar, ketmoqdaman.
Necha kunlar o’tdi, lekin so’rmading holimni bir,
Oxirida hol so’rab kelsang magar, ketmoqdaman.
Kelganimda dedilarki, bu yigit koni zarar,
Ketmagimdan, oxir ayt, bormi zarar, ketmoqdaman.
Bilmadim, hech bormikin asli dardimga shifo,
Xasta bu Abdulladan olgin xabar, ketmoqdaman.
Sen Bahorni sog’inmadingmi?!
Uyg’onguvchi bog’larni kezdim,
Topay dedim qirdan izingni.
Yonog’ingdan rang olgan dedim –
Lolazorga burdim yuzimni,
Uchratmadim ammo o’zingni,
– Sen bahorni sog’inmadingmi?
Uzoqlarda zalvorli tog’lar
Xayolimni keldilar bosib.
Kechdi qancha intizor chog’lar,
Vasling menga bo’lmadi nasib,
Sensiz men ham, bahor ham g’arib,
– Sen bahorni sog’inmadingmi?
O’ngirlarda sakraydi ohu,
Na’matakda sa’va mittijon.
Qorliklardan sipqarilgan suv,
Daralarda uradi javlon.
Nigohimdan faqat sen pinhon,
– Sen bahorni sog’inmadingmi?
Mana, bugun navro’zi olam,
Do’stlarimga gullar tutarman.
Qaylardasan, sevgili erkam…
Qo’limda gul, seni kutarman,
Umrim bo’yi chorlab o’tarman,
– Sen bahorni sog’inmadingmi?
Abdulla Oripov sherlari O’zbekiston.
Men nechun sevaman O’zbekistonni,
Tuprog’in ko’zimga aylab to’tiyo.
Nechun vatan, deya yeru osmonin,
Muqaddas atayman, atayman tanho.
Aslida dunyoda tanho nima bor?
Paxta o’smaydimi o’zga elda yo?
Yoki quyoshimi sevgimga sabab?
Axir quyoshli-ku, butun Osiyo.
Men nechun sevaman O’zbekistonni,
Bog’larin jannat, deb ko’z-ko’z etaman.
Nechun ardoqlarkan tuprog’ini men,
O’paman, tuprog’ing bebaho, Vatan!
Aslida tuproqni odil tabiat,
Taqsim aylagan-ku, yer yuziga teng
Nechun bu tuproq, deb yig’ladi Furqat,
O, Qashqar tuprog’i, qashshoqmiding sen?
Men nechun sevaman O’zbekistonni?
Sababini aytgin, desalar menga.
Shoirona, go’zal so’zlardan oldin,
Men ta’zim qilaman ona xalqimga:
Xalqim, tarix hukmi seni agarda,
Mangu muzliklarga eltgan bo’lsaydi,
Qorliklarni makon etgan bo’lsayding,
Mehrim bermasmidim o’sha muzlarga?
Vatanlar, Vatanlar, mayli, gullasin,
Bog’ unsin mangulik muzda ham, ammo,
Yurtim, seni faqat boyliklaring chun
Sevgan farzand bo’lsa, kechirma aslo!
Abdulla Oripov Biografiyasi shu yerda joylashtirilgan.











