Bosh sahifa » Zulfiya sherlari to’plami

Zulfiya sherlari to’plami

Zulfiya sherlari to’plami. Zulfiyaxonim Isroilova tomonidan yozilgan hamda xalqimiz tomonidan miriqib o’qiladigan, yod olinadigan she’rlarni taqdim etamiz. Ushbu she’rlarni o’qib chiqing.

Zulfiya sherlari to’plami – Sensiz.

Zulfiya sherlari to'plami - Sensiz.

Mana, bir umrni yashadim sensiz,
Qaytmas shodliklarning qaytishin kutib,
Tobuting boshida cho’kkanimda tiz,
Farzandlar ko’tardi qo’limdan tutib.

Shundan beri tikman. Har nega qalqon,
Baxtga, bahorga ham, qishga, qayg’uga.
Birov azasida yig’layman qon-qon,
To’yida yayrayman o’xshab ohuga.

Lekin qolganimda qalbim-la tanho,
Tuyg’ular zoriga solganda quloq.
O’zni zaif, chanqoq sezganda goho,
Alamdan beraman javobsiz so’roq:

Tirik ekan nega tashlab ketmading?
Mendan nafisroqning husniga oshiq,
Mendan yoniqrog’i tortmadi sani,
Edi nigohingga bor jannat ochiq,

Seni majnun etib bir yer go’zali,
Nega meni tashlab ketavermading?
Tirik ayrilishning dog’i og’irmish,
Xo’rlik kemirarmish umrni chaynab!

Bu-mudhish egovga berardim turish,
Ketsang ham menga jon tuyg’ungdan aynab.
Bilardim, qaydadir olasan nafas,
Murakkab bu dunyo sen-chun ham tirik.

Senga yot-noshudlik, tund ruhlik, qafas,
Bugungi qadaming kechadan yirik.
Nega, nega meni tashlab ketmading?
Bilaman, rashk meni etardi halok,

Afzal ko’rganingni qarg’ab o’tardim,
Izingdan yurmasdim soyaday g’amnok,
Hayotda men uchun qolarding tirik,
Qalaming mujdasin kutardim mushtoq.

Ma’yus taqdiringga yashab men sherik,
Mushkul bo’layotir shodlik yaratmoq.
Nega tirik ekan tashlab ketmading,
Tashlab ketmading-da, boshlab ketmading?!

Men O’tgan kunga achinmay qo’ydim.

Hayot kitobimni bexos varaqlab,
Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim.
Tabassum o‘rnida kuldim charaqlab.
Suyish kerak bo‘lsa — telbacha suydim.

Kiyganim ipakmi, chitmi yo kimxob,
Yurak boyligidan qilmabman parvo.
Meni og‘ushlagan hayot naq oftob,
Yangi qo‘shiq talab unda har saboq.

Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim,
Hech kimda ko‘rmayin umrimga o‘xshash:
Suydim, erkalandim, ayrildim, kuydim,
Izzat nima — bildim. Shu-da bir yashash!..

Sog’inib.

Shu kunlarda bahorga zorman,
Navjuvonlik o‘ti tanda yo‘q.
Kuz singari za’far ruxsorman,
Mevalar ham shoxlardan uzuq.

Shu kunlarda bahorga zorman,
Tanxastalik ezadi ruhim.
Tanho emas, qatorda borman,
Yana neni izlaydi suqim?

Shu kunlarda bahorga zorman,
Shaffof, yorqin kuy tilar ko‘ngul.
Yaxshiyamki, qalamga yorman,
So‘zlab turar bor dilimni ul.

Shu kunlarda bahorga zorman,
O’z bahorim kabi bemisol.
Bahor qaytmas, yonuvchi qorman,
Yo no‘noq qo‘l butagan nihol.

Tavsiya etamiz : Ota ona haqida she’rlar

Bahor keldi Seni so’roqlab.

Bahor keldi Seni so'roqlab.

Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor…

Qancha sevar eding, bag’rim, bahorni,
O’rik gullarining eding maftuni.
Har uyg’ongan kurtak hayot bergan kabi
Ko’zlaringga surtib o’parding uni.

Mana, qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib so’radi seni,
Ul ham yosh to’kdi-yu, chekindi nari.

O’g’lim sira bo’lmaydi urush.

To’lisharmi o’lkada bahor,
Quyosh kezar osmon ko’ksida.
Qaldirg’ochlar qanotmi qoqar,
Undan soya labi ustida.

Mana, o’g’lim labi ustida
Qaldirg’ochning mayin qanoti.
O’spirinim toza ko’ksida,
Kunda oshar yangi his toti.

Bo’yi oshib ketdi bo’yimdan,
Bosa olar ko’ksiga boshim.
Sevgim qurib bergan uyimda
O’sdi mening katta yo’ldoshim.

Yurak to’la shodlik, mehr, baxt,
Uning ko’zlariga boqaman.
Nigohiday tiniq va yorqin
Orzu to’lqinida oqaman.

Tavsiya etamiz : Ota ona haqida she’rlar

She'rlar
Insholar
Maqollar
Darsliklar
Telgram
Scroll to Top