Omon Matjon sherlari haqida va ular bilan tanishish.
Omon Matjon sherlari o’zining qayta-qayta takrorlanadigan musiqiyligi, nozik obrazlar yaratish va his-tuyg’ularga to’la bo’lishi bilan ajralib turadi. U o’zining asarlarida xalq og’zaki ijodining eng yaxshi an’analarini davom ettirgan holda, shoirlik mahoratini yanada boyitgan. Shoirning ishlari ko’pincha o’zining samimiyligi, sodda va ravon ifodalari bilan ajralib turadi, bu esa uni keng o’quvchi ommasi orasida sevib o’qilishi uchun imkon yaratadi.
Mundarija
ToggleOmon Matjon she’rlari.
Odam bir kun
G‘o‘la ixtiro etdi.
Teshik topdi o‘ylab,
O‘q ham birkitdi.
Yana nelarnidir
Topib u arang,
Arava kashf etdi.
Kashf etib,qarang,
O‘z yo‘liga yana
Piyoda ketdi.
Omon Matjon Feruza she’ri.
Kelmading.
Qushlar ko‘chib ketdi qoshimdan,
Tushlar cho‘chib ketdi yoshimdan,
Hushlar uchib ketdi boshimdan,
Kelmading.
Xazonlar to‘p bo‘ldi yillab men uchun,
Osonlar yo‘q bo‘ldi yillab men uchun,
Armonlar ko‘p bo‘ldi yillab men uchun,
Kelmading.
G‘amlarning bariga to‘zdim — chidadim,
Namlarning bahrida suzdim — chidadim,
Damlarning shahdidan o‘zdim — chidadim,
Kelmading.
Kunlarim hijronga o‘qdek yoqqanda,
Ruhim oti qonga cho‘g‘dek botganda,
So‘nggi o‘qni jonga o‘zim otganda,
Sen kelding uzr so‘rab…
Sen kelding nechun?!
Sirlarim.
O‘ynashib barmoqlaring
Bir-bir ko‘zimni yopsalar,
Sevgidan roz aylayin
Tong qushlari uchgan mahal.
Kuylayin osmon to‘lib,
Kuylayin olamga man, –
Sen agar mashshoq bo‘lib,
Nay agar bo‘lganda man!
Ona yurtim husniga
Mot bo‘lib, ko‘ngil qo‘yib,
Har urug‘ning ko‘ksiga
Mavj iyib, g‘ulu iyib.
Bo‘lsa kim g‘aflat panoh,
Toshqin solardim unga man, –
Sen agar bo‘lganda tog‘,
Soy agar bo‘lganda man!
Tongda quyoshning shu’lasi
Shabnamda izlar tuyg‘ular.
Tog‘da ohular galasi,
Dilda sehrli cholg‘ular…
O‘q tiqay qalbin o‘yib,
Hissiz kishi ko‘rganda man, –
Sen agar sayyod bo‘lib,
Yoy agar bo‘lganda man!
Oyki ming yildan buyoq
Yerdan yiroq ketmas, nechun?
Bilmagay, bag‘ri quroq –
Ul o‘zgaga bog‘liq uchun!
Yetmay o‘z baxtimga to,
Kirgay edim ming jangga man,
Sen agar bo‘lsang samo,
Oy agar bo‘lganda man!
Eng muqim tinchlik uchun,
Eng go‘zal sevgi uchun.
Eng asil do‘stlik uchun,
Eng nafis sezgi uchun.
Har qadah ichra nihon,
Yog‘du bo‘lardim lolarang, –
Senki soqiy zamon,
May agar bo‘lganda man!
Tarix Muzeyida.
Ko‘rganing qoladi degan bir gap bor,
Tarix muzeyiga kirdik… ko‘rgani.
Jahonni titratgan sohibqironning,
Qiziq-da, birpasda mahv bo‘lgani.
Mana erk! Bir uyda shoh bilan qulning,
Zabarjad toji-yu chipta kovushi!
Ammo “msye!” deya xayolni bo‘lar,
Boshlovchining hissiz, silliq tovushi!
Botirlar ishidan shod tursak, ammo,
Hush-u xayollarni bo‘g‘di bo‘lak hol.
Hamma narsa erkin bo‘lganda endi,
O‘zimiz yurolmay qoldik bemalol:
Biri “Hech narsaga qo‘l tekkizmang!” deb,
Bittasi “Sekin yur!”, “Jim!” deb do‘q urar.
Yurish-turishingni cheklasa biri,
Biri gapirishni man qilib turar.
Chapga mumkin emas, o‘ngga sirayam,
Ortiqcha savolni jinlari suymas.
Uzoq qoldirmaslar bir yerda, ammo
Mundoq ilgari ham ketgani qo‘ymas.
Ajabo! Bitta xalq shuncha jon chekib,
So‘nggi, og‘ir jangni etganda tayin,
Zo‘rg‘a ag‘darganda bitta podshoni,
O‘rniga chiqibdi mingta “xo‘jayin!”
Kuz – Omon Matjon sherlari.
Oydin kuz oqshomi. Bir xayol surib,
Nenidir istadim ko‘kdanmi, yerdan.
Garchi bilar edim, bu ro‘hna ravoq,
Sirlarin ochmaydi hammaga birdan.
Yulduzlar! Bu qanday mavj?! Ne harakat?!
Kim u mash’al tutib kelayotganlar?!
Demak, bor, huv olis sarhadlarda ham,
Men kabi bezovta bo‘layotganlar.
Haq maqsadli odam doim bezovta,
Umidning yo‘llari bo‘lmas unga berk.
Go‘yo eski lip-lip kinoda ota
Beiz ketgan o‘g‘lin ilg‘ab qolgandek.
Ko‘zim kurtagidan uchgay kapalak,
Darhol chamanlarga urarkan o‘zni.
Demak, bizlarga ham intizorlar ko‘p,
Demak, kimdir sevib asraydi bizni.
Olamda kechikkan bahorlar yo‘qdir,
Kechikkan vijdon bor, chalajon matlab.
Shu bois tabiat muammoni ming,
Yechimini esa berar bittalab.
Odamda geolog olim ruhi bor:
Tog‘larning granit jildlarin titib.
Million yilgi yaproq izini izlar,
Bugun oltin bargni jim bosib o‘tib…
Oydin kuz oqshomi. Xayolga shunday
Ming xil o‘y keladi, ming turli so‘zlar.
Aniq bir haqiqat jamol ochsin deb,
Tinmay igna urar tunga yulduzlar.
Xorijdagi O’zbeklarim.
Xorijdagi o‘zbeklarim,
O‘lmay qolgan o‘zliklarim.
Qani endi yurtga keling,
O‘z xonlarim, o‘z beklarim.
Yurtga keling, yurtga keling,
Ichga keling, sirtga keling.
Mayli, chilvir sochga keling,
Yo burama murtga keling.
Xorijdagi o‘zbeklarim,
Sizga yo‘qdir hech keklarim.
Kelib uyimni to‘ldiring,
Quvg‘inda yurgan erklarim!
Ko‘chalarni guv to‘ldiring,
Gullarni hidlab so‘ldiring.
Xorijdagi o‘zbeklarim,
Xuddi o‘zimizdeklarim.
Gʻamlarimni bayoz tortdi,
Demang kim ko‘p, kim oz tortdi?!
Dengizlarning og‘ir yukin,
Dur izlagan g‘avvos tortdi.
Oy chiqqani rostdir bu kun,
Kun tuqqani rostdir bu kun.
Qora ko‘zlar yoshi tinib,
Gʻanimlar yer osti bu kun.
Keling, tanda bu jon birdir,
Umid birdir, imon birdir.
O‘zbekiston bo‘linmaydir,
Ona O‘zbekiston birdir!
Xorijdagi o‘zbeklarim,
Xuddi o‘zimizdeklarim.
Qani endi yurtga keling,
O‘z xonlarim, o‘z beklarim.
Bu Mashrab Mashrab.
Falak daraxtidan ayni tong chog‘i,
Oq-qora qushlarni hurkitgan kim u?!
Yoz bazmi oldidan o‘n sakkiz oqshom,
Bulbulga sho‘x kuylar o‘rgatgan kim u?!
Kim u, so‘zlariga sira yo‘q taraf,
Bu – Mashrab, Mashrab!
Bu nechuk manzildir, tog‘lar soqchidir,
Na beshik – ko‘k-yashil bayroq yopinchi?!
Bu qandoq go‘dakdir, allasi – bo‘ron,
Yulduzlar – o‘yinchoq, yashin – ovunchi?!
Kim u, bulutlarni yirtgan bir qarab,
Bu – Mashrab, Mashrab!
Kim u, temuriylar xonadonining,
O‘choqlarin quchib, qo‘r titayotgan?!
Yo‘llar tiklanishin, toj yarqirashin,
Millat uyg‘onishin zor kutayotgan?!
Va zulmatni buzgan na’ralar boshlab,
Bu – Mashrab, Mashrab!
Kim u, yupun millat dardi qayon-u
Biri biriga yov beklardan bezgan?!
Mansab, hoy-u havas erkidan kechib,
Hokimlar, taqiqlar, cheklardan bezgan?!
Bu qanday maktabdir, bu nechuk matlab,
Bu – Mashrab, Mashrab!
O‘g‘ri-qaroqchini arzanda tutgan,
Qo‘rqoq qozilardan hazar etgan kim?!
Kunimiz shu-da, deb, har ko‘yda qolgan,
Ko‘ngan, rozilardan hazar etgan kim?!
Kim u, haqsizlikka otilgan g‘azab,
Bu – Mashrab, Mashrab!
Ho‘-ho‘, kim yiqildi fitnadan nogoh,
Lekin qo‘lidagi haq jomi butun?!
Imoni butundir, sevgisi butun,
Ko‘ngli butunlarga salomi butun,
O‘lsa ham ketmagan bizlarni tashlab,
Bu – Mashrab, Mashrab!
Ko‘zlar mo‘miyoviy, kim u, mehribon,
Mingbuloq olovi ustida paydo?!
Kim u, Haj yo‘lida yurtdoshlar bilan
Umidlari kabi kiygan oq rido?!
Kim u, ishq ahlini kuylar ko‘z yoshlab,
Bu – Mashrab, Mashrab!
Necha bor elangay yerda jismlar,
Necha bir evrilgay zamin-u zamon.
Necha o‘zgargaydir rubobda simlar,
Ammo abadiy nur, abadiy isyon –
Tangriga ham suyuk tashlayolgan gap,
Bu – Mashrab, Mashrab!
Hali ko‘p uxlarsan, ogoh bo‘l, yurak,
Axiran uyqudir olamning kori.
To ko‘mib ketmasin yana ming-ming yil
Maydalab yog‘uvchi g‘aflat g‘ubori.
Yur, yur, shamolingdan tumanlar tarqab,
Ey, Mashrab, Mashrab!
Kel, bugun, ey, shoir, gumroh to‘polon,
Turli guruhlardan nifoqni ko‘tar!
Umgani ohista tiklanayotgan
Xalqing-la bu ozod bayroqni ko‘tar!
Suvrating bir sharaf, ruhing bir sharaf,
Ey, Mashrab, Mashrab!
Omon Matjon boshqa sherlari .
Yig‘ladingu… kulding,
Bo‘ron bosildi:
Kumush ko‘l yuzida
Qalqdi ikki oy.
Yig‘ladingu… kulding,
Tindi quyqum sel.
Maysa o‘tlar rasmin
Sola ketdi soy.
Yig‘ladingu… kulding,
Bulutlar arib.
Maysalarga to‘ldi ko‘k,
Qushga to‘ldi bog‘.
Yig‘ladingu… kulding,
Ko‘zlaringda birdan
Yashay boshladilar,
Suv va cho‘g‘
Inoq.
***
Sen ketursan, izingdan –
Men boqurman jim, jim.
Menga qoldi ko‘zingning,
Qaroligi tim, tim.
Qaro endi kunlarim,
Qaro endi qismatim.
Ko‘zim qarog‘ida ham,
Yoshim endi lim-lim.
Bul qarolig‘ – tun emas,
Yulduzlarni ko‘zlasam.
Bo‘ron daragidir bu,
Havosidir dim, dim.
Kelmas endi qaldiroq,
Chaqilmas endi chaqin.
Yuraklar gung kecha bu,
Yo‘l ko‘rsatur kim, kim?
O‘tdi sevgi, o‘tdi dard –
Ko‘chayotgan qushlardek.
Ketmoqdasan jim, jim,
Qolmoqdaman jim, jim.
Omon Matjonning tarjimai holi.
Boshqa shoirlarning sherlariga o’tish.











