Kelajak soati 22-mavzu Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning buyukligi.
ASOSIY DARS MASHGʻULOTI
Umumiy maqsad: O‘quvchilarni ikki buyuk siymo – Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi haqida ma’lumot berish, ularning hayot yo‘li bilan tanishtirish, ular qoldirgan adabiy meros bilan tanishtirish.
Aniq maqsadlar:
- O‘quvchilarga ikki buyuk siymo Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur haqida tushuncha berish;
- Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini ularning boy adabiy merosi bilan tanishtirish;
- G‘azallari va hikmatlari orqali o‘quvchilarda ijobiy xislatlarni shakllantirish;
Asosiy gʻoyalar: dars mashg‘ulotlari davomida o‘quvchi ikki buyuk siymo – Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur bilan tanishadi, ularning bolaligidagi noyob iste’dodlarini hayotiy hikoyalarda o‘rganadilar, o‘g‘il-qizlarda bobolarimizga nisbatan faxr hissi shakllanadi.
Darsdan keyin o‘quvchilarda kutiladigan natijalar:
Aqliy va tushunchaviy darajada:
- Bobokalonlarimiz – Alisher Navoiy va Muhammad Boburlar siymosini suratlar orqali taniydi, ularning hikmatlarini ayta oladi;
- Hikmatlarning ma’nosini tushunadi;
Hissiy va qadriyatli yondashuvda:
- Bobokalonlarimizdan faxrlanish tuyg‘usi kuchayadi;
- Adabiyotga mehri uyg‘onadi;
- Dars davomida o‘quvchilarda vatanparvarlik tuyg‘usi shakllanadi;
Amaliy ko‘nikmalarda
- O‘quvchilar bobolarimiz tomonidan amalga oshirilgan ibratli ishlar mazmunini anglaydi;
- Ular qoldirgan adabiy meros mazmunini yurakdan his qiladi.
Metapredmet: O‘quvchilar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi, g‘azallari bilan tanishadilar. “O‘qish savodxonligi” darslaridan olgan bilimlarini mustahkamlaydilar.
Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti. www.milliytarbiya.uz
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
Tavsiya etilgan mashgʻulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, oʻyin elementlari va qoʻshimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.
Materiallar toʻplami:
- ssenariy;
- uslubiy tavsiyalar;
- videomateriallar;
- interaktiv topshiriqlar;
- taqdimot.
I. KIRISH QISMI (10 daqiqa)
Doskaga Navoiy va Bobur bobolarimizning portret suratlari ilingan bo‘ladi.
O‘qituvchi: Bolajonlar, hozir sizlarga bitta savol beraman. Yaxshilab o‘ylab javob bering:
Tasavvur qiling, tarixda bir odam yashagan: vafot etganiga 500 yildan oshgan, ammo bugun ham uni eslashadi, hurmat qilishadi, ismini bolalarga qo‘yishadi. Shunday odam bo‘lishi mumkinmi?
Bolalar javob beradi: “Ha”, “Bo‘lishi mumkin”, “Qanday qilib?”
O‘qituvchi: Ha, bolajonlar. Shunday odamlar bo‘lgan. Ular oddiy odam emas. Ular faqat o‘z davri uchun emas, xalq uchun yashagan odamlar. Bugun biz ana shunday ikki buyuk bobomiz haqida gaplashamiz.
Ular – Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur.
Bugun 9-fevral – Alisher Navoiy bobomizning tug‘ilgan kuni. U kishi tavalludiga 585 yil to‘ldi. Yana 5 kundan keyin, ya’ni 14-fevralda esa Zahiriddin Muhammad Bobur bobomizning tavallud kunlari nishonlanadi. U kishi tavalludiga 543 yil to‘ladi.
Kichik pauza
O‘qituvchi: Qani ayting-chi, sinfimizda kimning ismi Alisher?
Kimning ismi Bobur?
(Bolalar qo‘l ko‘taradi)
O‘qituvchi: Bilasizmi, bular oddiy ism emas. Bu ismlar – jasorat, aql, bilim sohiblari bo‘lgan buyuk bobolarimizning ismlari. Demak, ota-onalar bu ismlarni bolalariga o‘sha buyuk bobokalonlarga o‘xshasin degan orzu bilan qo‘yishgan.
Interaktiv o‘yin: “Dunyo bo‘ylab sayohat”
O‘qituvchi (qo‘lida qog‘ozdan yasalgan samolyotcha, bolalarni tasavvurga chorlab): Endi ko‘zlaringizni bir lahzaga yuming. Tasavvur qiling, biz sehrli samolyotga chiqdik. Samolyot uchdi… Biz boshqa mamlakatga bordik.
Shaharning markazida katta haykal turibdi. U haykalda bir bobo tasvirlangan.
Yana uchdik…
Yana boshqa mamlakat. Bu yerda ham o‘sha boboning haykali bor.
Yana uchdik… Yana boshqa shahar.
Bu yerda ham shu boboning ismi bilan atalgan ko‘cha, maktab, bog‘ bor.
O‘qituvchi (to‘xtab): Bolajonlar, ayting-chi: nega bir odamga dunyoning turli joylarida shuncha hurmat ko‘rsatiladi?
(Bolalar javob beradi: “Chunki u yaxshi bo‘lgan”, “Chunki u aqlli bo‘lgan”, “Chunki u hammaga foyda qilgan”)
O‘qituvchi: To‘g‘ri. Bunday odamlar faqat o‘zini emas, xalqni o‘ylagan, faqat bugunni emas, ertani o‘ylagan, faqat gapirmagan, gaplariga o‘zi ham amal qilgan.
Ular davlat ishlarida mas’uliyatli bo‘lgan, ilmga yo‘l ochgan, odamlarning hayotini yaxshilashga harakat qilgan. Shuning uchun ularni shoir debgina emas, buyuk shaxs, buyuk bobolarimiz deymiz.
Yer yuzida ko‘plab mamlakatlarda, shaharlarda bu ikki bobomizga haykallar qo‘yilgan, turli institutlar, ko‘chalar, bog‘larga nomlari berilgan. Masalan, Tokio, Seul, Shanxay, Dushanbe, Anqara, Lakitelek (Vengriya), Ostona, Boku, Moskva, Minsk, Toshkent, Shirin, Samarqand, Navoiy, Guliston kabi o‘nlab shaharlarida Navoiyga haykal o‘rnatilgan. Bu ham buyuk bobokalonimizni dunyo tanishi va e’zozlashining isbotidir.
O‘qituvchi: Navoiy bobomiz xalq uchun nimalar qilgan? Bobur bobomiz qanday qilib butun dunyoga tanilgan?
Bugun shu savollarga birgalikda javob topamiz.
II. ASOSIY QISM (25 daqiqa)
1-BO‘LIM. ALISHER NAVOIY – DAVLAT VA XALQ UCHUN YASHAGAN INSON
O‘qituvchi: Bilasizlarmi, Navoiy bobomiz ham bir paytlar sizlarga o‘xshagan yosh bola bo‘lganlar. Maktabda o‘qiganlar, ustozlaridan ilm olganlar, ota-onalarining gapini ikki qilmaganlar, odobli, tarbiyali va bilimga intiluvchan bola bo‘lganlar.
Kelinglar, hozir shu haqida video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Alisher Navoiy bolaligi
O‘qituvchi: Bolajonlar, ko‘pchilik Alisher Navoiy bobomizni shoir deb biladi. Bu to‘g‘ri. Lekin bugun biz Navoiyni faqat she’r yozgan bobo sifatida emas, balki davlat ishlarini qilgan, xalqni o‘ylagan, ilmni asragan, kambag‘allarga yordam bergan katta mas’uliyatli inson bo‘lganlar.
Sizlar mas’uliyat nimaligini bilasizlarmi? Hozir, bir o‘yin orqali buni bilib olasizlar.
1-interaktiv: “Agar sen hokim bo‘lsang…”
O‘qituvchi: Tasavvur qiling, siz bir shahar hokimisiz. Sizda ko‘p mablag‘ va imkoniyatlar bor. Ularni nimaga sarflaysiz?
Bolalar: (qo‘l ko‘tarib javob beradi):
- maktab quraman
- kasalxona quraman
- ko‘prik va yo‘l qilaman
- kutubxona ochaman
O‘qituvchi: Alisher Navoiy bobomiz bularning barchasini qilgan. Alisher Navoiy bobomiz davlat ishlarida ishlaganlar. Vazir bo‘lganlar, Xurosonning Astrobod shahriga hokim bo‘lganlar. Otalaridan katta boylik meros qolgan, bobomiz bu boyligini xalq uchun sarflagan.
U kishi maktablar ochgan, madrasalarda talabalarga o‘qishi uchun pul bergan, yetim bolalarga yordam bergan, olimlarni qo‘llab-quvvatlagan.
Mana shu mas’uliyatdir.
Shuning uchun u kishini ma’rifatparvar deyishadi. Ma’rifatparvar – bu odamlarga bilim ulashgan va bilim bilan insonlar hayotini yaxshilashga yordam bergan inson degani.
Hozir sizlarga juda qiziq video ko‘rsataman. Unda Navoiy bobomiz davrida yozilgan noyob qo‘lyozmani ko‘rasiz.
Vizual kontent
“Ular kitobga mehr qoʻyishgan edi” – Oysara Madaliyeva
O‘qituvchi: Bolajonlar, bilasizlarmi, bu qo‘lyozma nimasi bilan muhim? Bu qo‘lyozma orqali biz tarixni go‘yo ushlab ko‘ramiz, o‘tmish bilan yuzma-yuz uchrashamiz.
Olima Navoiy va Boburning bolaligi ularning buyuk bo‘lishida qanday rol o‘ynaganini aytdi. Sizlar ham hozir hayotingizning ana shunday muhim davridasiz. Yaxshilab o‘qib-o‘rganib olsangiz, sizmi buyuk kelajak kutmoqda.
Bu qo‘lyozmalar Toshkentda saqlanayotgani bizning katta boyligimizdir.
Navoiy bobomiz ko‘p g‘azallar, dostonlar, ilmiy asarlar yozganlar. Ular orasida eng muhimi va eng yirigi esa “Xamsa” asari.
“Xamsa” 5 ta dostondan iborat to‘plam, majmua. Hamma ham “Xamsa” yozavermagan, bu juda qiyin ish, katta aqlni talab qiladi. Navoiy bobomizdan oldin yana 3 ta buyuk shoirlar “Xamsa” yozishgan. Navoiy – to‘rtinchi “Xamsa” muallifi. Shu bilan boshqa bunday asar yozilmagan.
2-BO‘LIM. ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR – IMPERIYA QURGAN MA’RIFATPARVAR
O‘qituvchi: Endi ikkinchi bobomizga o‘tamiz.
Hozir sizlarga Bobur bobomizning bolaligi haqida video qo‘yib beraman.
Vizual kontent
Boburning bolaligi
O‘qituvchi: Bolajonlar, Zahiriddin Muhammad Bobur – 12 yoshligidanoq davlat boshqargan inson. Lekin u umrini faqat jang bilan oʻtkazmadi, shunchaki qo‘l ostidagilarga buyruq berib yashamadi, balki ijod qildi, asar yozdi, yangilik yaratdi, ilm qildi.
Bobur bobomiz “Boburnoma” degan mashhur kitob yozgan. Bu kitob 30 dan ortiq tilga tarjima qilingan. Hozir ham dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘qiladi. U asarda Bobur bobomiz o‘zi yashagan va bosib o‘tgan o‘lkalarning tabiati, urf-odatlari, odamlari, shaharlari, tili haqida hikoya qiladi.
Bu nimani ko‘rsatadi? Demak, Bobur bobomiz butun dunyo uchun qiziq asar yaratgan, ya’ni butun insoniyatga bebaho bilim qoldirgan.
Bugun darsimizda Bobur bobomiz “Boburnoma” degan asar yozganlarini aytdik. Bu asar Boburning eng muhim asari.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish maqsadida Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri deb nom berildi.
Bu buyuk bobomiz nomini abadiylashtirish yoʻlidagi tarixiy qadam boʻldi.
Keling, hozir oʻsha Bobur shaharchasiga qilingan sayohat videosini tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Andijondagi Bobur shahridamiz
O‘qituvchi: Ko‘rdingizmi, bolajonlar, Bobur bobomiz o‘z davrida buyuk ishlar qilganlar. Shu sababli oradan 500 yil o‘tib bugun ham u kishining nomiga shaharchalar qurilyapti.Qani ayting-chi, bolajonlar: siz katta bo‘lib, odamlarga foyda keltirsangiz, sizni ham eslashadimi?
Bolalar: “Ha!”
O‘qituvchi: Bolajonlar, Navoiy va Bobur bobolarimiz bizga nimani o‘rgatadi? Ular kuch bilimda ekanini o‘rgatib ketishdi. Yana Vatanni va ona tilini sevish kerakligini va bitta o‘zini emas, boshqalarni ham o‘ylab ish qilish kerakligini o‘rgatishdi.
Mini-interaktiv: “Men ham…”
O‘qituvchi: Ayting-chi, bolajonlar, Navoiy va Bobur bobolarimizga o‘xshash uchun Siz nima qilasiz?
Bolalar ketma-ket aytadi:
- “Men kitob o‘qiyman”
- “Men rostgo‘y bo‘laman”
- “Men Vatanimga foyda keltiraman”
O‘qituvchi: Agar siz bilimli, halol va faol bo‘lsangiz, bir kun kelib albatta ota-onangizning va Vatanimizning faxriga aylanasiz.
III. YAKUNIY QISM (10 daqiqa)
O‘qituvchi: Bolajonlar, bugun biz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur bobomizni faqat o‘tmishda qolgan insonlar sifatida emas, bugun ham yashayotgan qadriyatlar sifatida tanidik.
Lekin bir savol bor: bobolarimiz buyuk bo‘lsa, ularning merosi bugun kim tomonidan asralmoqda?
Albatta, Davlat tomonidan. Xalq tomonidan. Biz tomonimizdan.
Bugun Prezidentimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning katta merosni asrayapti, oʻrganyapti, kelajak avlodga yetkazyaptilar.
Navoiy va Bobur nomlari maktablar va universitetlarga, kutubxonalar va bog‘larga, ilmiy markazlar va madaniyat maskanlariga berilgan.
Demak, bu ikki buyuk bobomiz davlat darajasida e’zozlanmoqda.
Bu ishlar nima uchun qilinyapti? Bu ishlar bari sizlar ushbu buyuk bobokalonlarimizni unutmasligingiz, ularning ijodini, qilgan ishlarini va hayot yo‘lini o‘rganib, unutmasligingiz uchun, ulardan ibrat olishingiz uchun Davlatimiz tomonidan qilinyapti.
Davlatimiz siz ham ana shunday bilimli, vatanparvar, mas’uliyatli inson bo‘lib ulg‘ayishingizni istaydi.
Agar siz bilimga intilsangiz, halol bo‘lsangiz, Vataningizni sevsangiz, siz ham bir kun kelib maktabingiz, mahallangiz, butun mamlakatimiz faxriga aylanasiz.
O‘qituvchi: Endi birgalikda baland ovozda aytamiz:
Bolalar birgalikda:
- “Men bilimli bo‘laman!”
- “Men halol bo‘laman!”
- “Men Vatanimga foyda keltiraman!”
O‘qituvchi: Buyuk bobolarimiz tarixda qolgan. Ammo ularning orzusini siz amalga oshirasiz.
Bugun davlat sizlar uchun shart-sharoit yaratyapti. Endi navbat – sizniki. Buyuk ajdodlarga munosib bo‘ling, bolajonlar. Kelajak sizdan boshlanadi.
Shu bilan darsimiz tugadi. Ammo buyuklik yo‘li endi boshlandi. Bu yo‘lda sizlarga omad tilayman!
Boshqa mavzularda ham insholar mavjud.











