Kelajak soati 23-mavzu Halollik vaksinasi.
ASOSIY DARS MASHGʻULOTI
Umumiy maqsad: O‘quvchilarga halollik tushunchasini sodda va hayotiy misollar orqali tushuntirish. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida halollik, rostgoʻylik kabi sifatlarni shakllantirish.
Aniq maqsadlar: Dars davomida o‘quvchilar halollik nima ekanligini, qaysi sifatlarga ega kishilar halol kishilar bo‘lishini kundalik hayotiy misollar orqali bilib oladilar. Bajarayotgan harakatlarining qay biri halol, to‘g‘ri yoki aksincha, qay biri noto‘g‘ri ekanligi haqida fikrlab, o‘z-o‘zini tarbiya qilish salohiyatiga ega bo‘ladilar. Halollik, poklik tushunchasi turli misollar, ibratli video roliklar hamda interaktiv o‘yinlar orqali shakllantiriladi.
Asosiy gʻoyalar: O‘quvchilarning halollik haqidagi tushunchalarini mustahkamlash.
Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti. www.milliytarbiya.uz
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
Tavsiya etilgan mashgʻulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, oʻyin elementlari va qoʻshimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.
Materiallar toʻplami:
- ssenariy;
- uslubiy tavsiyalar;
- videomateriallar;
- interaktiv topshiriqlar;
- taqdimot.
I qism. KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)
O‘qituvchi: Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilar!
Bugun biz hammamiz vaksina olamiz!
Lekin cho‘chimanglar, bu vaksina igna bilan qilinmaydi. Bu – bilim orqali olinadigan, eng foydali vaksina.
Ayting-chi, bolajonlar, sizlardan kimlar oldin shifokor qabuliga borib, emlama olgan?
(2-3 nafar o‘quvchi javob beradi.)
O‘qituvchi: Emlama nima uchun qilinadi?
(Javoblar tinglanadi.)
O‘qituvchi: Barakalla! Emlama bizni turli kasalliklardan himoya qiladi. Bugun esa bizni “Vijdon” ismli shifokor davolaydi.
Kelinglar, tasavvur qilamiz: ko‘zlaringizni bir soniyaga yuming va tasavvur qiling – oq xalat kiygan, qo‘lida yurak shaklidagi dorisi bor shifokor kirib keldi. Uning ismi – Vijdon.
Endi aytinglar-chi, Vijdon shifokori bizni qaysi kasalliklardan saqlamoqchi?
(O‘quvchilar javob beradi: yolg‘onchilik, urish, o‘g‘rilik va h.k.)
O‘qituvchi: To‘g‘ri! U bizni yolg‘onchilik, o‘g‘rilik, tuhmat, ayyorlik, poraxo‘rlik kabi yomon illatlardan himoya qilmoqchi.
Mini-faoliyat: “Qalqon yasaymiz”
O‘qituvchi: Bolajonlar, dunyodagi eng kuchli qalqon nimadan yasaladi deb o‘ylaysiz? Temirdanmi? Po‘latdanmi?
Yo‘q! Eng kuchli qalqon – HALOLLIK dan yasaladi.
Kelinglar, qo‘llarimizni oldimizga tutib, xayolda qalqon yasaymiz va hammamiz birgalikda aytamiz: “Mening qalqonim – HALOLLIK!”
Bolalar takrorlaydi.
O‘qituvchi: Nega halol odam qo‘rqmaydi?
Javoblar tinglanadi.
O‘qituvchi: Chunki u yolg‘on gapirmaydi, o‘g‘rilik qilmaydi, hech kimdan yashiradigan ishi bo‘lmaydi.
Halollik – bu to‘g‘ri gapirish, boshqalarning narsasini ruxsatsiz olmaslik, ishonchni oqlash, yaxshi nomga ega bo‘lish degani.
“Halol bola” deganda hamma ishonadigan, doimo rost gapiradigan bola tushuniladi.
Halollikning aksi nima bo‘lishi mumkin?
Javoblar: yolg‘onchilik, o‘g‘rilik va boshqalar.
O‘qituvchi: Siz yolg‘on gapiradigan yoki o‘g‘irlik qiladigan bola bilan do‘st bo‘lishni istarmidingiz?
O‘quvchilar: Yo‘q!
O‘qituvchi: Nega?
1-2 o‘quvchi sababini aytadi.
O‘qituvchi: Demak, bolajonlar, biz halollik – eng kuchli qalqon ekanini bildik. Lekin hayotda qaysi ishlar halol, qaysilari noto‘g‘ri ekanini har doim ham darrov ajrata olamizmi?
Kelinglar, endi buni yanada yaxshiroq tushunish uchun birgalikda qisqa videoni tomosha qilamiz.
Tavsiya etamiz : Boshqa mavzularda kelajak soati











